HAFTALIK SAVDO AYLANMASI 4,2 MLRD. SO'MNI TASHKIL QILDI
2018 yilning 5 – 8 sentyabrь kunlari «Toshkent» Respublika fond birjasi savdolarida 27 ta aksiyadorlik jamiyatining aksiyalari bilan 76 ta bitim qayd qilinib, 20,6 mln. dona oddiy va 2 394 dona imtiyozli aksiyalar 4,2 mlrd. so'mga sotildi. Hafta yakunlari ko'ra USI indeks ko'rsatkichi 1 063.53 (▼0.21) punktni tashkil etdi.
Tahlillar jami savdo aylanmasining 92,4 foizi tijorat banklari qimmatli qog'ozlari bilan amalga oshirilgan bitimlardan iborat bo'lganini ko'rsatdi. Eng yirik bitimlar 8 sentyabr sanasida asosiy seksiyada “Turkiston” XATB ning 3,8 mln. dona oddiy aksiyasi bilan 3,8 mlrd. so'm miqdorida tuzildi. Bir dona aksiyaning sotuv kunidagi narxi nominaliga mos ravishda 1000 so'mni tashkil qildi. Yil boshidan buyon esa, fond birjasida ushbu bankning 43,3 mln. dona aksiyasi (ustav fondining 41,3 foizi) bilan 43,3 mlrd. so'mlik 68 ta savdo bitimi tuzilgan.
Bitimlar soni bo'yicha yetakchilikni o'tgan haftada “Kvarts” AJ egallagan holda, uning 2,0 ming dona aksiyasi bilan 10,6 mln. so'mlik 15 ta bitim amalga oshirildi.
Qimmatli qog'ozlar bilan o'rtacha kunlik savdo aylanmasi hisobot davrida 1,03 mlrd. so'mni, o'rtacha bitim qiymati esa 54,7 mln. so'mni tashkil etdi. Shu bilan birga, ushbu davrda sotilgan bir dona aksiyaning o'rtacha narx ko'rsatkichi 201,5 so'mdan iborat bo'ldi.
Qimmatli qog'ozlarning nominal narxiga nisbatan yuqori darajadagi farq «UZKABEL» QK AJ aksiyalari bilan tuzilgan savdo bitimlarida kuzatildi. Bunda nominal qiymati 1 500 so'm bo'lgan jamiyat aksiyalarining savdo kunidagi birja narxi 10 100 so'mni tashkil etdi.
O'tgan haftada investorlar toifasiga ko'ra birja savdolarida jismoniy shaxslar faolligi kuzatilib, tuzilgan umumiy bitimlar hajmining – 97,7 foizi (4,05 mlrd. so'm), bitimlar soni bo'yicha esa – 85,5 foizi (65 dona) aynan ular hissasiga to'g'ri keldi.
Shuningdek, o'tgan haftada fond birjasida respublikamizning 7 ta hududida joylashgan listing kompaniyalari qimmatli qog'ozlari bilan savdo bitimlari imzolandi. Birja bitimlarining eng yuqori hajmi Toshkent shahrida (92,7 foiz) va Xorazm viloyatidagi (4,8 foiz) aksiyadorlik jamiyatlari hisobiga to'g'ri keldi.
Fond birjasida yil boshidan buyon 287,3 mlrd. so'mlik 7 451 ta savdo bitimi qayd qilindi. Ushbu davrda birja savdolarida 110 ta aksiyadorlik jamiyatining 7,3 mlrd. dona qimmatli qog'ozlari sotilgan.
Davlat raqobat qo'mitasi axborot xizmati